Xalqaro informatika olimpiadasi ilk bor Oʻzbekistonda oʻtkaziladi
2026-07-23 12:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) – 1989-yildan buyon maktablarning yuqori sinf oʻquvchilari oʻrtasida sport dasturlash boʻyicha oʻtkaziladigan dunyodagi eng yirik va nufuzli musobaqa boʻlib, har yili 90 dan ortiq mamlakatning eng iqtidorli ishtirokchilarini birlashtiradi.
IOI Bosh assambleyasi qaroriga ko‘ra 2023-yilda Olimpiadani oʻtkazish huquqini mamlakatimiz qoʻlga kiritgan edi. Oradan ikki yil oʻtib, 2025-yilda Boliviyada boʻlib oʻtgan olimpiadaning yopilish marosimida Oʻzbekistonga IOI bayrogʻi tantanali tarzda topshirildi va shu tariqa Toshkent navbatdagi mezbon shahar maqomini rasman mustahkamladi. Alohida eʼtiborlisi, bu voqea milliy terma jamoamiz bronza va ilk kumush medallari qoʻlga kiritilgan Olimpiada doirasida yuz berdi.
IOI 2026 olimpiadasida ishtirok etish uchun AQSh, Xitoy, Germaniya, Singapur, Koreya Respublikasi, Yaponiya va Buyuk Britaniya kabi 97 dan ortiq mamlakatdan 386 nafar maktab oʻquvchisi roʻyxatdan oʻtgan. Hamrohlik qiluvchi delegatsiyalar, faxriy mehmonlar va xalqaro qoʻmitalar aʼzolari bilan birgalikda ishtirokchilarning umumiy soni 900 nafardan oshadi. Sakkiz kunlik dastur algoritmik masalalar yechishga bagʻishlangan besh soatlik turlar, seminarlar, vorkshoplar hamda Toshkentning diqqatga sazovor joylariga ekskursiyalarni oʻz ichiga oladi.
Olimpiadani Toshkentda oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror IOI qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston taqdim etgan mezbonlik arizasi asosida qabul qilindi. Arizada mamlakatda IT sohasi va raqamli taʼlimni rivojlantirish, zamonaviy infratuzilmani yaratish hamda yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishlarida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar batafsil yoritilgan. Oʻzbekistonning mezbon davlat sifatida tanlanishi ushbu saʼy-harakatlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilganining yana bir tasdigʻi boʻldi.
IOI 2026 olimpiadasiga tayyorgarlik davomida tashkilotchilar avvalgi mezbon davlatlar – Boliviya, Vengriya va Misr tajribasini chuqur oʻrganib, xalqaro ilgʻor amaliyotlarni mahalliy sharoitga mos ravishda tatbiq etdi. 2027-yilda esa ushbu nufuzli musobaqaga Germaniya mezbonlik qiladi.
Xalqaro informatika olimpiadasining Toshkent shahrida oʻtishi – mamlakatimizda raqamli taʼlimni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va zamonaviy raqamli ekotizimni yaratish yoʻlidagi koʻp yillik izchil mehnat natijasidir. IOI olimpiadasiga mezbonlik qilish huquqining Oʻzbekistonga berilishi amalga oshirilayotgan ishlarning xalqaro eʼtirofi boʻldi.
Bugun bu ishlarning samaradorligini milliy terma jamoamiz natijalari ham tasdiqlamoqda. Boliviyadagi IOI 2025 olimpiadasida qoʻlga kiritilgan, bronza va mamlakat tarixidagi ilk kumush medallari inson kapitali hamda raqamli taʼlimni rivojlantirish, yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan izchil davlat siyosatining mantiqiy natijasi boʻldi.
IOI 2026 olimpiadasi biz uchun shunchaki mamlakat nufuzini oshirishga xizmat qiladigan bir martalik tadbir emas, balki “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining uzviy qismidir. Yoshlar xalqaro miqyosdagi eng yuqori talab va standartlar bilan qanchalik erta tanishsa, global bozorda raqobatbardosh mutaxassislarning yangi avlodini shakllantirish jarayoni shunchalik jadallashadi.
“Avgust oyida Toshkent dunyoning 386 nafar eng iqtidorli yosh dasturchisini bir joyga jamlaydi. Ular Oʻzbekistonni ochiq, yuksak maqsadlar sari intilayotgan va jadal rivojlanayotgan texnologik mamlakat sifatida kashf etadi, deb ishonaman”, dedi Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov.
IOI 2026 olimpiadasida Oʻzbekiston mezbon davlat sifatida ikkita jamoa – milliy saralash bosqichlarida eng yuqori natija ko‘rsatgan 8 nafar iqtidorli yoshni xalqaro maydonga olib chiqadi:
- birinchi jamoa a’zolari – Jahongir Shoh Avazxonov, Timur Kadirbergenov, Jaxonali Xaydaraliyev va Ulugʻbek Raxmatullayev;
- ikkinchi jamoa a’zolari – Sardor Salimov, Humoyun Abduraupov, Ulugʻbek Kamalov va Ravshan Rahmiddinov.
Yigitlar prezident maktablari, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktab, Vestminster litseyi va TATU litseyi vakillaridir. Milliy terma jamoaning tayyorgarlik dasturi 2025-yil noyabr oyidan boshlab bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Dastur doirasida o‘nga yaqin oʻquv mashgʻulotlari tashkil etilib, ularga Ruminiya, Polsha va Qozogʻistondan tajribali murabbiylar jalb etildi. Shuningdek, terma jamoa a’zolari Ruminiya va Qozogʻistondagi sport dasturlash bo‘yicha xalqaro o‘quv oromgohlarida ishtirok etdi. Tayyorgarlik nafaqat texnik bilim va koʻnikmalarni, balki ruhiy tayyorgarlikni ham qamrab olib, 18 yillik tajribaga ega ekspert tomonidan muntazam psixologik hamrohlik yoʻlga qoʻyildi.
Oʻzbekiston uchun IOI 2026 olimpiadasini oʻtkazish “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishning muhim qismidir. Mamlakatda IT infratuzilmasi izchil rivojlantirmoqda, IT Park Uzbekistan orqali soha vakillariga imtiyozli soliq va bojxona rejimlarini taqdim etilmoqda. Shuningdek, mamlakat aholisining 60 foizdan ortig‘ini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etishi inobatga olinib, ularning ta’lim olishi va salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
IOI 2026 olimpiadasining oʻtkazilishi Oʻzbekistonning raqamli texnologiyalar va taʼlimni tizimli rivojlantirayotgan davlat sifatidagi xalqaro nufuzini mustahkamlaydi hamda minglab maktab oʻquvchilarini dasturlash, matematika va boshqa STEM yoʻnalishlari bilan shugʻullanishga undaydi.
Mazkur tadbir turli mamlakatlar yoshlari va mutaxassislari o‘rtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. 90 dan ortiq davlatdan ishtirokchilar va delegatsiyalarning tashrifi esa O‘zbekistonning turistik salohiyatini targ‘ib etishga xizmat qiladi. Ko‘plab mehmonlar uchun bu Markaziy Osiyo bilan ilk tanishuv bo‘ladi.
“Xalqaro informatika olimpiadasida Oʻzbekiston nomidan ishtirok etish katta sharaf. Bu musobaqaga uzoq tayyorgarlik koʻrdik va gʻalaba uchun bor kuchimizni sarflaymiz. Dunyoning turli burchaklaridan kelgan ishtirokchilar mamlakatimiz bilan tanishishi, biz esa jahonning eng kuchli maktab oʻquvchilari bilan bellasha olishimiz juda quvonarli”, dedi Oʻzbekiston terma jamoasi ishtirokchisi, IOI-2025 bronza medali sohibi Ulugʻbek Rahmatullayev.
Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) – maktab oʻquvchilari oʻrtasida dasturlash boʻyicha oʻtkaziladigan eng nufuzli xalqaro musobaqa boʻlib, 1989-yildan beri har yili tashkil etib kelinadi. 38-Xalqaro informatika olimpiadasi O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan ilk xalqaro informatika olimpiadasi bo‘ladi. Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, IT-taʼlim uyushmasi va Raqamli taʼlimni rivojlantirish markazi IOI 2026 olimpiadasining tashkilotchilari hisoblanadi.
