O‘zbekiston va Koreya sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda
2026-08-15 09:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vazirligi, Koreya Respublikasining National Information Society Agency (NIA) agentligi va UZINFOCOM o‘rtasida sun’iy intellekt asosidagi Fuqarolar shikoyatlari tizimini takomillashtirishga qaratilgan grant loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Loyiha doirasida fuqarolar murojaatlarini tahlil qilish va boshqarishga mo‘ljallangan sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, tizimni O‘zbekistonda tajriba-sinov tariqasida ishga tushirish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
NIA bilan hamkorlik O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi texnologik aloqalarning izchil davomi bo‘lib, raqamli davlat boshqaruvi hamda sun’iy intellekt sohasidagi Koreya tajribasidan samarali foydalanish imkonini beradi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida mamlakatimizda zamonaviy raqamli davlat boshqaruvini rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish va fuqarolar uchun yanada qulay xizmatlar yaratish yo‘lidagi izchil islohotlarning amaliy ifodasidir.
Raqamli texnologiyalar vazirligi sun’iy intellekt va zamonaviy raqamli yechimlardan foydalanish orqali davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish hamda aholi bilan muloqotning yangi, zamonaviy mexanizmlarini shakllantirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni izchil davom ettirmoqda.





