Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatining huquqiy asoslari belgilandi
2026-08-20 11:15:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar sohasida xalqaro kompaniyalar va investorlar uchun yangi huquqiy muhit yaratishga qaratilgan “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi.
Qonun bilan O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar sohasini rivojlantirish, innovatsion mahsulot va xizmatlarni yaratish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda raqamli xizmatlar eksportini kengaytirishga qaratilgan yangi huquqiy mexanizmlar belgilanmoqda.
Ushbu Qonun bilan Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining alohida hudud sifatidagi maqomi va uning hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejim asoslari belgilab berilmoqda.
Mazkur hujjat raqamli texnologiyalar sohasida innovatsiyalarni yaratish va amaliyotga joriy etish, yangi mahsulot va xizmatlarni sinovdan o‘tkazish, investitsiyalarni jalb qilish hamda eksport faoliyatini rag‘batlantirish uchun maxsus huquqiy muhit yaratishni nazarda tutadi.
Innovatsiyalar uchun “tartibga solish qumdoni” joriy etiladi
Markaz faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri innovatsion texnologiyalar va biznes modellarini amaliyotda sinab ko‘rish imkonini beruvchi «Tartibga solish qumdoni» mexanizmi bo‘ladi.
U orqali yangi texnologiyalar, mahsulotlar va xizmatlarni amalda sinash uchun alohida huquqiy sharoitlar yaratiladi. “Tartibga solish qumdoni” doirasida vaqtincha yengillashtirish yoki soddalashtirish shartlari qo‘llanilishi, shuningdek innovatsion yechimlarni sinovdan o‘tkazish uchun maxsus regulyator maydonchalar, zonalar va laboratoriyalar tashkil etilishi mumkin.
Bunday yondashuv innovatsion kompaniyalarga yangi mahsulotlarni to‘liq ishga tushirishdan oldin ularni nazorat qilinadigan muhitda sinab ko‘rish, mavjud tartib-taomillarni takomillashtirish va yangi texnologiyalarni amaliyotga joriy etish imkonini beradi.
Xalqaro standartlarga mos huquqiy muhit
Markaz hududida maxsus qonunchilik tizimi amal qilishi nazarda tutilgan.
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda belgilangan maxsus huquqiy rejim 2100-yilgacha amal qiladi. Maxsus huquqiy rejim Boshqaruv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan faoliyat turlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va mazkur Konstitutsiyaviy qonun bilan bir qatorda, Markaz vakolati doirasida qabul qilinadigan qarorlar ham muhim huquqiy asos sifatida belgilanadi.
Shuningdek, zarur hollarda Konstitutsiyaviy qonun va Markaz qarorlariga zid bo‘lmagan taqdirda Angliya va Uels umumiy huquqi hamda adolat prinsiplari va qoidalaridan foydalanish imkoniyati nazarda tutilgan.
Markazning qarorlari ilg‘or xalqaro tajriba va standartlar asosida ishlab chiqilishi belgilangan. Rasmiy ish yuritish tili esa ingliz tili hisoblanadi.
Bu mexanizm Markazda faoliyat yuritadigan mahalliy va xorijiy kompaniyalar uchun xalqaro amaliyotga yaqin, aniq va barqaror huquqiy muhit shakllantirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Investorlar uchun yangi imkoniyatlar
Konstitutsiyaviy qonun loyihasida Markaz hududida investitsiya faoliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Xususan, investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, investorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini shakllantirish, shuningdek venchur va boshqa muqobil investitsiyalar ekotizimini rivojlantirish Markazning asosiy vazifalari qatorida belgilangan.
Markaz doirasida institutsional investor, startap-investor, rezident-investor va infratuzilmaviy investor kabi toifalar nazarda tutilgan.
Ayniqsa, startap-investorlar uchun alohida mexanizm belgilanmoqda. Markaz hududidagi startap-loyihalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxs startap-investor sifatida e’tirof etiladi. Bunday investitsiyalardan olingan daromadlarga, jumladan dividendlarga nisbatan Konstitutsiyaviy qonunda nazarda tutilgan soliq va bojxona imtiyozlari qo‘llaniladi.
Investorlar huquqlari kafolatlanadi
Hujjatda Markaz ishtirokchilarining investitsiya faoliyati bilan bog‘liq huquqlarini himoya qilishga ham alohida e’tibor berilgan.
Unga ko‘ra, Markaz subyektlari investitsiyalarning hajmi, turi, shakli va yo‘nalishlarini mustaqil belgilash hamda investitsiya faoliyati natijasida olingan daromadlarni erkin tasarruf etish huquqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, investorlar va investitsiyalarning uzoq muddatli huquqiy himoyasini ta’minlash, xususiy mulk va investitsiyalarning daxlsizligi kafolatlarini belgilash Boshqaruv kengashining vazifalari qatoriga kiritilgan.
Xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun qulay sharoit
Markazda raqamli texnologiyalar sohasida yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish uchun ham qator imkoniyatlar nazarda tutilgan.
Xususan, Markaz organlari va ishtirokchilari o‘z faoliyati uchun xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni jalb qilish huquqiga ega bo‘ladi. Xorijiy xodimlar va ularning oila a’zolariga kirish vizalari uch yilgacha bo‘lgan muddatga berilishi mumkin.
Shu bilan birga, Markaz organlari va ishtirokchilari tomonidan ishga qabul qilinadigan xorijiy xodimlar O‘zbekiston hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnoma olish majburiyatidan ozod etiladi.
Xorijiy xodimlarni ishga joylashtirish, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobini yuritish Markazning raqamli platformasi orqali amalga oshirilishi belgilangan.
Markazning boshqaruv tizimi
Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq, Markazning asosiy organlari Boshqaruv kengashi va Markaz ma’muriyatidan iborat bo‘ladi.
Boshqaruv kengashi Markaz faoliyatining strategik yo‘nalishlarini belgilaydigan va yuqori boshqaruvni amalga oshiradigan kollegial organ sifatida belgilangan. Markaz ma’muriyati esa uning faoliyat yuritishini ta’minlaydigan ijro etuvchi organ hisoblanadi.
Boshqaruv kengashi Markaz uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilash, maxsus huquqiy rejimni takomillashtirish, investitsiyalarni himoya qilish mexanizmlarini shakllantirish va Markaz ishtirokchilari uchun barqaror huquqiy muhit yaratish bo‘yicha vakolatlarga ega bo‘ladi.
O‘z navbatida, Markaz ma’muriyati ishtirokchilarga axborot va maslahat ko‘magini ko‘rsatish, infratuzilmani rivojlantirish, loyihalarni monitoring qilish, shuningdek «Tartibga solish qumdoni» doirasidagi sinov jarayonlarini nazorat qilish va baholash vazifalarini amalga oshiradi.
Raqamli iqtisodiyot uchun yangi institutsional muhit
Umuman, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish raqamli texnologiyalar sohasida innovatsion kompaniyalar, startaplar, investorlar va xalqaro mutaxassislar uchun yagona va maxsus huquqiy muhit shakllantirishga qaratilgan.
Mazkur yondashuv orqali innovatsion texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish va joriy etish, raqamli sohada investitsiya faolligini oshirish, startaplar va venchur investitsiyalar ekotizimini rivojlantirish, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda raqamli mahsulotlar eksportini rag‘batlantirish uchun zarur huquqiy asos yaratiladi.
