Buxorodan AQSh bozoriga AT-xizmatlar eksporti hajmi oshmoqda
2026-08-23 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Buxoro shahrida faoliyat yuritayotgan “LEADERS GROUP TEAM” MChJ kompaniyasiga tashrif buyurib, korxonaning faoliyati, eksport salohiyati hamda yoshlar uchun yaratilgan ish imkoniyatlari bilan tanishdi.
“LEADERS GROUP TEAM” MChJ asosan AQShning transport va logistika bozori uchun masofaviy autsorsing — BPO xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan xalqaro kompaniya hisoblanadi. Kompaniya O‘zbekiston va boshqa davlatlarda BPO markazlarini rivojlantirib, ingliz tilini biladigan mahalliy yoshlarni xalqaro logistika loyihalariga jalb etmoqda.
Tashrif davomida kompaniyaning iqtisodiy ko‘rsatkichlari izchil o‘sib borayotgani qayd etildi. Xususan, eksport hajmi 2025-yilda 963,5 ming AQSh dollarini, 2026-yilning birinchi yarim yilligida esa 1,43 mln AQSh dollarini tashkil etgan.
Ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi ham sezilarli darajada oshgan. 2025-yilda ushbu ko‘rsatkich 11,66 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilning olti oyida 17,07 mlrd so‘mga yetgan.
Kompaniyada yaratilgan ish o‘rinlari sonining o‘sishi ham alohida e’tiborga loyiq. 2024-yilda 1 nafar xodim faoliyat yuritgan korxonada 2025-yilga kelib xodimlar soni 111 nafarga yetgan. Bugungi kunda esa 150 nafar xodim mehnat qilmoqda.
Vazir kompaniyaning kelgusidagi rivojlanish rejalari, yangi ish o‘rinlarini yaratish, eksport geografiyasini kengaytirish va BPO xizmatlari hajmini oshirish bo‘yicha takliflar bilan ham tanishdi.
Ta’kidlanganidek, BPO markazlarining rivojlanishi yoshlar uchun xalqaro kompaniyalar bilan ishlash, xorijiy tillar va zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda yuqori daromadli ish o‘rinlariga ega bo‘lish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Shuningdek, bunday loyihalar katta ishlab chiqarish infratuzilmasini talab qilmagan holda, intellektual mehnat va raqamli xizmatlar orqali IT xizmatlari eksportini oshirishga xizmat qiladi.



