Pokiston bilan raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi
2026-08-26 10:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda Pokistonning raqamli iqtisodiyotdagi salohiyati, xususan, mamlakatdagi katta inson kapitali, AT mutaxassislari, frilanserlar va texnologik kompaniyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar sun’iy intellekt va data-markazlar sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi. Shuningdek, “Yashil” energetika asosidagi loyihalar, jumladan, raqamli infratuzilmani rivojlantirish bilan bog‘liq tashabbuslar yuzasidan fikr almashildi.
Frilanser salohiyatini yangi bosqichga olib chiqish masalasi ham muhokama qilindi. Bunda frilanserlarni faqat xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassis sifatida emas, balki o‘z raqamli mahsulotlari va kompaniyalarini yaratadigan startap asoschilariga aylantirish muhim vazifalardan biri ekani qayd etildi.
Shu nuqtai nazardan, ikki mamlakat startap ekotizimlarini yaqinlashtirish, venchur fondlar va texnologik tadbirkorlar o‘rtasida aloqalar o‘rnatish, qo‘shma raqamli mahsulotlar yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va ta’lim sohalarida har ikki mamlakatlar uchun xalqaro bozorga ham chiqishi mumkin bo‘lgan texnologik yechimlarni ishlab chiqish istiqbolli yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Uchrashuvda Pokistonning AT kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi hamda ushbu kompaniyalarni O‘zbekistonda faoliyat yuritishga jalb qilish va mamlakatni ular uchun Markaziy Osiyo hamda MDH bozorlariga chiqish nuqtasi sifatida taqdim etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, AT kompaniyalarini, ayniqsa, hududlarga jalb qilish bo‘yicha “Zero Risk” dasturi imkoniyatlari muhokama qilindi. Bunda kompaniyalarga ma’lum muddatga ofis joylarini taqdim etish, zarur jihozlar bilan ta’minlash, xodimlarni tayyorlash va ayrim xalqaro AT sertifikatlarini olish xarajatlarini qoplash va soliq imtiyozlaridan foydalanish mumkinligi qayd etildi.
Muloqotda ikki davlat o‘rtasida AT xizmatlari eksportini kengaytirish masalasi ham ko‘tarildi. Pokistonlik mutaxassislarning O‘zbekistondagi loyihalarda ishtirok etishi, mahalliy mutaxassislar bilan tajriba almashishi va ikki mamlakat kompaniyalarining uchinchi bozorlarga birgalikda chiqishi uchun sharoit yaratish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuvdan so‘ng Pokiston delegatsiyasi uchun O‘zbekistondagi IT Park faoliyati va imkoniyatlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimot davomida IT Parkning mamlakatda AT industriyasini rivojlantirish, xorijiy va mahalliy texnologik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash, AT xizmatlari eksportini oshirish hamda startaplar ekotizimini shakllantirishdagi o‘rni haqida ma’lumot berildi.
Tashrif doirasida Pokiston delegatsiyasi UZINFOCOM faoliyati bilan ham tanishdi.
Mehmonlarga kompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan yirik raqamli loyihalar, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, zamonaviy axborot tizimlari va raqamli platformalarni ishlab chiqish hamda joriy etish bo‘yicha tajriba taqdim etildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda davlat boshqaruvi va aholiga xizmat ko‘rsatish jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish, axborot tizimlarini integratsiya qilish va raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.









