500 Global vakili bilan startap ekotizimini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-08-28 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 500 Global kompaniyasining boshqaruv hamkori Pedro Santos Vieyra bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda startap ekotizimini yanada rivojlantirish, venchur investitsiyalar hajmini oshirish, mahalliy startaplarni xalqaro bozorlarga olib chiqish hamda sohadagi mavjud tashabbuslarni o‘zaro muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda 500 Global vakillari O‘zbekiston bozoridagi o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Kompaniya 2021–2022 yillardan buyon mamlakatdagi texnologik kompaniyalar va startaplarga investitsiya kiritib kelayotgani, hozirga qadar O‘zbekiston asoschilari tomonidan tashkil etilgan bir qator kompaniyalar, shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy asoschilarga tegishli startaplarga ham investitsiyalar amalga oshirilgani qayd etildi.
500 Global tomoni O‘zbekistonda startaplarni xalqaro investitsiya bozorlariga tayyorlash va mahalliy kompaniyalarning xorijiy investorlar bilan aloqalarini kengaytirishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Kompaniya vakillari Markaziy Osiyo uchun mo‘ljallangan uzoq muddatli strategiyasi doirasida startaplarni rivojlantirishning bir necha bosqichlarida ishlashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Shuningdek, uchrashuvda venchur fondlar faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, investitsiya kapitali harakatini soddalashtirish va xalqaro fondlarning O‘zbekistondagi faoliyatini yanada samarali tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
Sun’iy intellekt yo‘nalishidagi startaplarni qo‘llab-quvvatlash, ularni rivojlantirish va investitsiyaga tayyorlash bo‘yicha mavjud imkoniyatlarni birlashtirish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonda startap ekotizimini tizimli rivojlantirish, venchur investitsiyalar uchun yanada qulay muhit yaratish va mahalliy texnologik kompaniyalarni xalqaro bozorlarga olib chiqish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.




