Xorijlik ekspertlar bilan AT investitsiya muhitini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi
2026-09-07 14:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi S. Chakrabarti ofisi vakillari — huquqiy masalalar bo‘yicha konsultant Mari-Enn Birken hamda strategik kommunikatsiyalar va xalqaro brending masalalari bo‘yicha ekspert Jonatan Charlz bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning AT investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish, xorijiy investorlar uchun qulay muhit yaratish, investitsiyalarni jalb qilish jarayonlarini samarali tashkil etish va mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, turli sohalar va hududlarda investitsiya jalb qilish bilan shug‘ullanayotgan tuzilmalar o‘rtasida axborot almashinuvini kuchaytirish, investorlarga yagona va tushunarli yondashuvni shakllantirish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, kichik va o‘rta xorijiy kompaniyalar uchun O‘zbekiston bozoriga kirish jarayonini yengillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Suhbat davomida AT sohasida investorlar bilan ishlashda shakllangan samarali yondashuvlarni boshqa tarmoqlarga ham tatbiq etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bunda investorlarga mamlakatga kirib kelishidan tortib, loyihani amalga oshirishga qadar bo‘lgan jarayonda hamrohlik qilish investitsiya muhitini yaxshilashning muhim omillaridan biri ekani qayd etildi.
Shu bilan birga, Enterprise Uzbekistan va boshqa investitsiya platformalari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ularning faoliyatini o‘zaro muvofiqlashtirish hamda investorlar uchun ushbu imkoniyatlar haqida aniq va tizimli axborot yetkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlikni davom ettirish, AT sohasida investitsiyalarni jalb qilish jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha amaliy takliflarni ishlab chiqish va o‘zaro aloqalarni yanada kuchaytirishga kelishib oldilar.


