“LINAGORA” bilan O‘zbekistonda dasturiy ta’minot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi
2026-09-14 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Muloqot davomida “LINAGORA” kompaniyasining dasturiy ta’minot ishlab chiqish jarayonining bir qismini O‘zbekistonga ofshoring qilish, shuningdek, mamlakatni kompaniyaning Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlari uchun ishlab chiqish hamda xizmat ko‘rsatish markazi sifatida imkoniyatlarini oshirish muhokama qilindi.
IT Park vakillari ofshoring jamoasini joylashtirish uchun zarur bo‘lgan O‘zbekistondagi malakali kadrlar salohiyati, xarajatlar tuzilmasi hamda rezident kompaniyalar ekotizimi haqida ma’lumot berdilar, shuningdek, kompaniya IT Park rezidenti sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan imtiyozlar va qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdilar.
Bundan tashqari, mahalliy IT kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilayotgan raqamli yechimlar va ularning Yevropa bozoridagi buyurtmachilar uchun yaratishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar IT Park va “LINAGORA” o‘rtasida dasturiy ta’minot hamda raqamli suverenitet yo‘nalishidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdilar. Xususan, “Twake”, “LinShare” va “OSSA” kabi yechimlarni O‘zbekistonning davlat va xususiy sektorida joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, “LINAGORA” kompaniyasining “OpenLLM Europe” loyihasi va uning doirasida ishlab chiqilgan “LUCIE” modeli bo‘yicha tajribasi muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonning sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha hamkorlik qilish istiqbollarini ko‘rib chiqishga kelishib olindi.
Ma’lumot uchun: “LINAGORA” — 2000-yilda tashkil etilgan, bosh ofisi Fransiyaning Issi-les-Mulino shahrida joylashgan ochiq manbali dasturiy ta’minot ishlab chiquvchi kompaniya. Kompaniyada qariyb 200 nafar xodim faoliyat yuritadi. “LINAGORA” Fransiya, Tunis, Vyetnam va Kanadada faoliyat olib borib, davlat va xususiy sektor mijozlariga ochiq manbali mahsulotlar, xizmatlar va sun’iy intellekt yechimlarini taqdim etadi.
Kompaniyaning asosiy mahsulotlari qatoriga “Twake Workplace” to‘plami, “LinShare”, “LinTo”, 500 dan ortiq ochiq manbali paketlarni qo‘llab-quvvatlovchi “OSSA” tizimi hamda “OpenLLM Europe” tashabbusi doirasida ishlab chiqilgan “LUCIE” sun’iy intellekt modeli kiradi.
