Prototie kompaniyasi bilan O‘zbekiston AT-yechimlarini xalqaro bozorlarda ilgari surish masalalari muhokama qilindi
2026-09-17 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Seul shahrida Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov boshchiligidagi, IT Park Uzbekistan Ijrochi direktori Jahongir Radjabov hamda tashkilotning boshqa vakillari ishtirokidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Janubiy Koreyaning PROTOTIE Co., Ltd. texnologik kompaniyasi rahbariyati, jumladan bosh direktor Park Seung Hyun bilan uchrashdi.

Tomonlar O‘zbekiston raqamli yechimlarini Koreya Respublikasi va Malayziya bozorlarida ilgari surish, IT Park ishtirokchi kompaniyalarining xalqaro bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlash, B2B hamkorlik, AT-autsorsing va mutaxassislarni jalb etish yo‘nalishlaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Prototie sun'iy intellekt asosidagi mutaxassislarni tanlash yechimlari, AT-autsorsing, iste’dodlarni boshqarish hamda kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan Janubiy Koreya texnologik kompaniyasidir. Kompaniya PROTIE AI platformasini rivojlantirmoqda. Platforma sun’iy intellekt algoritmlari yordamida kompaniyalar va mutaxassislarni ularning professional tajribasi, malakasi va boshqa mezonlar asosida o‘zaro moslashtiradi.
2026-yil yanvar oyidan buyon Prototie IT Park Uzbekistan ishtirokchisi bo‘lib, O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasiga ega. Kompaniya faoliyatining yo‘nalishlaridan biri mahalliy raqamli mahsulotlarni xalqaro bozorlarda ilgari surishdan iborat.
Xususan, Prototie UZINFOCOM bilan hamkorlik qilib, Koreya Respublikasi va Malayziyada MyID Face va MyID Palm, biometrik identifikatsiya va kaft orqali to‘lov texnologiyalari, Video Analytics, navbatlarni boshqarish uchun AI-yechimlar, Muxlisa AI ovozli assistenti, DMED raqamli tibbiyot platformasi, shuningdek, Smart City monitoringi uchun yechimlarni ilgari surmoqda.
Uchrashuv davomida tomonlar ushbu faoliyatni kengaytirish va IT Park Uzbekistan’ning boshqa ishtirokchi kompaniyalari yechimlarini Prototie’ning mahalliy hamkorlar tarmog‘i, biznesni rivojlantirish vositalari hamda potensial buyurtmachilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar orqali ilgari surish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, O‘zbekiston texnologik kompaniyalarining Koreya Respublikasi va Malayziya bozorlariga chiqishini qo‘llab-quvvatlash, jumladan bozorni o‘rganish, mahsulotlarni mahalliylashtirish, potensial mijoz va hamkorlarni izlash, B2B uchrashuvlarini tashkil etish hamda muzokaralarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Alohida yo‘nalish sifatida UZINFOCOM yechimlari bo‘yicha pilot loyihalar va Proof of Concept (PoC) dasturlarini Koreya Respublikasi va Malayziyadagi moliya tashkilotlari, chakana savdo va sog‘liqni saqlash kompaniyalari, davlat tashkilotlari hamda boshqa potensial buyurtmachilar bilan amalga oshirish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Tomonlar, shuningdek, AT-autsorsing, mutaxassislarni izlash va jalb etish, AI-based matching hamda professional ta’lim yo‘nalishlarida, jumladan O‘zbekiston AT-mutaxassislari ishtirokida qo‘shma faoliyat olib borish istiqbollarini muhokama qildi.
Hamkorlikning mumkin bo‘lgan formatlari qatorida O‘zbekiston texnologik kompaniyalari salohiyatini xorijiy hamkorlar va investorlarga taqdim etishga qaratilgan biznes-missiyalar, demo-kunlar, vebinarlar va vorkshoplar ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun bir qator yo‘nalishlarni, jumladan IT-mahsulotlarni xalqaro bozorlarda ilgari surish, IT Park Uzbekistan ishtirokchilarining eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, B2B hamkorlikni tashkil etish hamda qo‘shma pilot loyihalarni amalga oshirish masalalarini belgilab oldi.



