Qoraqalpog‘istonning texnologik loyihalari vakillari o‘z ishlanmalarini taqdim etdi
2026-09-21 21:20:00 / Vazirlik yangiliklari

IT Park Uzbekistan’ning Nukus filialida Qoraqalpog‘istonda rivojlanayotgan texnologik loyihalar vakillarining Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar o‘z ishlanmalarini taqdim etib, ish natijalari haqida so‘zlab berdilar hamda loyihalarni yanada rivojlantirish va kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda “Ordo Holding”, “Shartli.uz” va “SBA Prof” vakillari ishtirok etdi.
Jamoalar o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, mahsulotlarning hozirgi rivojlanish bosqichi va erishilgan natijalar haqida ma’lumot berdilar, shuningdek, o‘z yechimlarining funksional imkoniyatlarini namoyish etdilar. Loyihalarni yanada rivojlantirish, foydalanuvchilar auditoriyasini kengaytirish va yangi bozorlarga chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
“Ordo Holding” BPO-xizmatlari eksporti va ERP-tizimlari negizidagi autsorsing yechimlariga ixtisoslashgan. Kompaniya O‘zbekistondagi faoliyatini 2025-yilda boshlagan bo‘lib, bugungi kunda xorijiy bozorlar bilan hamkorlik qilmoqda. Uning ERP-yechimlaridan Qozog‘istonning 300 dan ortiq va Qirg‘izistonning beshta maktabgacha ta’lim muassasasida foydalanilmoqda. Kompaniya, shuningdek, Malayziyaga xizmatlar eksportini yo‘lga qo‘yish yo‘nalishini ham rivojlantirmoqda.
2024-yilda tashkil etilgan “Aral Hub” dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya Nukusda faoliyat yuritadi va 12 ta ish o‘rni yaratgan. 2026 yilning dastlabki olti oyida kompaniya tomonidan ichki bozorda ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 338 mln so‘mni, eksport xizmatlari esa 7 460 AQSh dollarini tashkil etdi. Kelgusida kompaniya xorijiy buyurtmachilar bilan hamkorlikni kengaytirishni va AT-eksport hajmini oshirishni rejalashtirmoqda.
Uchrashuv davomida Qoraqalpog‘istonda texnologik tadbirkorlikni rivojlantirish, istiqbolli startaplar va AT-kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning o‘sishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi. Loyihalar vakillari rivojlanish va kengaytirish bosqichida yuzaga kelayotgan dolzarb masalalari yuzasidan fikrlar bildirdilar.



