Sun’iy intellektning ta’lim va bandlikka tahdidlari muhokama qilindi
2026-09-24 10:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Forumda ko‘plab yoshlar AT sohasining katta tajribaga ega mutaxassislari bilan suhbat, savol-javob hamda panel muhokamalarida faol ishtirok etdi.
Forumni Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov ochib berdi. Tadbirning birinchi qismida xalqaro va mahalliy texnologik kompaniyalar vakillari sun’iy intellektning amaliy imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimotlar bilan ishtirok etdi. Shuningdek, Coursera vakili Larissa Uitkroft O‘zbekistonning platformadagi ta’lim natijalari haqida ishtirokchilarga taqdimot qildi. Shuningdek, iFLYTEK vakili Jason Zhang turli tillarda ishlay oladigan sun’iy intellekt yechimlari bo‘yicha taqdimot qildi.
Forumda O‘zbekistondagi 12 ta universitetda AWS Academy dasturi rasman ishga tushirildi. Mazkur dastur talabalarga zamonaviy bulutli texnologiyalar bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarni egallash, shuningdek, xalqaro standartlarga mos kompetensiyalarni rivojlantirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasiga respublikaning barcha hududlari bo‘ylab start berildi. Forum davomida sun’iy intellekt davrida shakllanayotgan yangi avlod, ta’lim va mehnat bozori o‘rtasidagi bog‘liqlik masalalariga bag‘ishlangan “AI-Native Generation” panel muhokamasi ham o‘tkazildi. Unda xalqaro tashkilotlar, texnologik kompaniyalar, ta’lim platformalari va soha mutaxassislari sun’iy intellekt bilan ishlash ko‘nikmalari, yoshlarni yangi kasblarga tayyorlash hamda texnologiyalarning mehnat bozoriga ta’siri yuzasidan fikr almashdi.
Forumda ko‘tarilgan mavzular mamlakatimizda sun’iy intellekt va raqamli ta’limni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning uzviy davomi hisoblanadi. Xususan, “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida aileaders.uz platformasi ishga tushirilib, Coursera, Oracle, Alison, Huawei va boshqa xalqaro tashkilotlarning 100 dan ortiq kursida bepul ta’lim olish imkoniyati yaratildi. 2026-yilda loyiha doirasida 1,8 million nafar yosh va davlat xizmatchisi o‘qitildi. Shuningdek, sun’iy intellekt bo‘yicha 17 ta kitob o‘zbek tiliga tarjima qilinib, platformaga joylashtirildi.
O‘zbekistonning sun’iy intellekt ta’limidagi natijalari xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. Coursera’ning 2026-yilgi generativ sun’iy intellekt ta’limidagi gender tafovutiga bag‘ishlangan hisobotida O‘zbekiston “Global Leader” sifatida qayd etilgan. Platformadagi GenAI kurslarida ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik foydalanuvchilarning 58,9 foizini ayollar tashkil etgan.
Shuningdek, mamlakatning 11 ta olis va chekka hududida “IT-shaharcha” loyihasi faoliyat yuritmoqda. 2026-yilda loyiha doirasida 2,6 ming nafardan ortiq o‘quvchi dasturlash, grafik dizayn, 3D printing, robototexnika va xorijiy tillar kabi yo‘nalishlarda bepul ta’lim bilan qamrab olindi. Yoshlarning xalqaro mehnat bozoriga kirishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “IT-talents” loyihasi orqali 2024–2026-yillarda 169 nafar yoshning AT ta’limi olishi va eksportchi kompaniyalarga ishga yo‘naltirilishi uchun xususiy o‘quv markazlariga 4,4 milliard so‘m subsidiya ajratildi. “IT-iste’dod” loyihasi doirasida esa 2023–2026-yillarda 4 600 nafar yoshning xalqaro AT sertifikatlarini olish uchun qilgan xarajatlarining bir qismi qoplab berildi, buning uchun 18 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Raqamli ta’limni rivojlantirishda o‘qituvchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish ham muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Respublika bo‘ylab tashkil etilgan “InfoTeach–2025” forumlari orqali umumta’lim maktablarining 6 040 nafar informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha malaka oshirdi.
Bundan tashqari, Janubiy Koreyaning KOICA agentligi bilan hamkorlikda yoshlar uchun raqamli ta’lim ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan 14 million AQSh dollarlik grant loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida 2026–2032-yillarda Qashqadaryo viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasining 16 ta tumanida zamonaviy AT ta’lim markazlarini tashkil etish, minglab yoshlarni raqamli kasblarga o‘qitish va ularning bandlik hamda tadbirkorlik imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatida iOS dasturchilarini tayyorlash markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, unda iOS dasturlash, AI Product Management, grafik dizayn va AI Kids yo‘nalishlarida yoshlarni tayyorlash boshlandi. Kelgusida 7 ta hududda 10 ta markazlar tashkil etib, AT mutaxassislarini tayyorlash, yangi startaplarni shakllantirish va AT xizmatlari eksportini oshirish maqsad qilingan.









