O‘zbekiston va Eutelsat OneWeb sun’iy yo‘ldosh aloqasi va raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradi
2026-09-24 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda, shuningdek, Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Valid Fuk hamda Fransiya–O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (CCIFO) prezidenti Alisher Khaitmetov ham uchrashuvda qatnashdi.
Uchrashuvda sun’iy yo‘ldosh texnologiyalaridan foydalanish orqali mamlakatning telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, yuqori tezlikdagi internet qamrovini kengaytirish hamda muhim raqamli tizimlar barqarorligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Xususan, GEO va OneWeb LEO sun’iy yo‘ldosh yechimlarini joriy etish orqali olis aholi punktlari, maktablar va tibbiyot muassasalarini yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash, shuningdek, transport va aviatsiya sohalarida ishonchli aloqa xizmatlarini rivojlantirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur texnologiyalar, ayniqsa, an’anaviy yer usti telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish imkoniyati cheklangan hududlarda raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, davlat xizmatlari va ijtimoiy infratuzilmaning uzluksiz ishlashini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, GEO va LEO sun’iy yo‘ldosh texnologiyalaridan milliy telekommunikatsiya tarmoqlari, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari hamda boshqa muhim infratuzilma obyektlari uchun qo‘shimcha va zaxira aloqa kanallarini tashkil etishda foydalanish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Bu yechimlar milliy aloqa tizimlarining barqarorligi va ishonchliligini oshirish, jumladan, xalqaro zaxira ulanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda, shuningdek, GEO va LEO sun’iy yo‘ldosh yechimlari asosida O‘zbekistonning nafaqat ichki ehtiyojlarini qamrab oluvchi, balki mintaqa mamlakatlariga ham aloqa xizmatlarini taqdim etishga xizmat qiluvchi hududiy telekommunikatsiya markazi sifatidagi salohiyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, sun’iy yo‘ldosh aloqasi sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasini mustahkamlash bilan birga, mamlakatning mintaqaviy raqamli bog‘liqlikni ta’minlashdagi rolini oshirish uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi.
Hamkorlikning muhim jihatlaridan biri – Eutelsat OneWeb kompaniyasining O‘zbekistonda mahalliy hamkori UZSAT orqali faoliyat yuritayotgani va xizmatlarni joriy etishga tayyorligidir. Kompaniya xizmatlarni yaqin vaqt ichida faollashtirishni boshlashni kutmoqda.
Bu esa tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat istiqboldagi rejalar, balki mavjud hamkorlik va infratuzilma asosida amaliy bosqichga o‘tish imkoniyatiga ega ekanini ko‘rsatadi. Xizmatlarning ishga tushirilishi mamlakatda sun’iy yo‘ldosh aloqasi imkoniyatlarini kengaytirish va tegishli yo‘nalishlarda amaliy loyihalarni boshlash uchun zamin yaratadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi (MoU) imzolandi. Hujjat sun’iy yo‘ldosh aloqasi, raqamli infratuzilma va ilg‘or telekommunikatsiya yechimlarini joriy etish yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan.
Memorandumning imzolanishi O‘zbekiston va Eutelsat OneWeb o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Eutelsat OneWeb delegatsiyasi tarkibidan MENA, Markaziy Osiyo va Xitoy mintaqalari bo‘yicha savdo vitse-prezidenti Hani El Arja hamda kompaniyaning katta savdo direktori Ahmet Eren o‘rin oldi.
Tomonlar sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari, telekommunikatsiyalar va raqamli transformatsiya yo‘nalishlarida muloqotni davom ettirish, shuningdek, O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasi qamrovi, sifati va barqarorligini oshirishga qaratilgan amaliy loyihalarni ilgari surishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.




