Toshkentda “Future Intelligence Forum 2026” bo‘lib o‘tdi
2026-09-24 21:25:00 / Vazirlik yangiliklari

“ICT Week Uzbekistan 2026” doirasida davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, texnologik kompaniyalar, biznes va sun’iy intellekt sohasidagi ekspertlarni birlashtirgan “Future Intelligence Forum 2026” bo‘lib o‘tdi.
Forum Huawei tomonidan Sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi hamda IT-ta’lim assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda, Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida tashkil etildi.
Tadbirni Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov ochib berib, mamlakatda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda ushbu texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlariga keng joriy etish muhimligini ta’kidladi.
Forumning asosiy mavzusi sun’iy intellekt davrida raqamli iqtisodiyot, texnologiyalar va davlat boshqaruvini rivojlantirish bo‘ldi. Muhokamalarda sun’iy intellektdan davlat xizmatlari samaradorligini oshirish, biznesni rivojlantirish va yangi raqamli imkoniyatlarni yaratishda foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Forum doirasida milliy sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish, raqamli infratuzilma, ma’lumotlar xavfsizligi, kadrlar tayyorlash va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekistonda sun’iy intellekt bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish va AI White Paper — tahliliy Oq kitobini tayyorlash tashabbusi ilgari surildi.
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos mamlakatda sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi doirasida infratuzilmani takomillashtirish, kadrlar tayyorlash va SI yechimlarini iqtisodiyot hamda davlat boshqaruviga joriy etish ishlari izchil davom etayotganini qayd etdi.
Tadbir davomida mahalliy sun’iy intellekt ishlanmalari, jumladan, AI human raqamli avatari namoyish etildi. Shuningdek, ekspertlar ishtirokida Digital Economy Acceleration panel muhokamasi tashkil etilib, SI texnologiyalarini tartibga solish, elektron tijorat, moliya sektori va biznes jarayonlariga joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Future Intelligence Forum 2026 sun’iy intellektni rivojlantirish, xalqaro tajriba almashish va texnologik imkoniyatlarni amaliy natijalarga aylantirish bo‘yicha davlat, biznes va ta’lim sektori vakillari o‘rtasidagi muloqot uchun muhim maydon bo‘ldi.









