ICT WEEK: O‘zbekiston va Yaqin Sharq o‘rtasidagi texnologik va investitsiyaviy hamkorlik muhokama qilindi
2026-09-26 12:25:00 / Vazirlik yangiliklari

ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida Uzbekistan – Middle East Tech Summit bo‘lib o‘tdi. Sammit O‘zbekiston va Yaqin Sharq mamlakatlari o‘rtasidagi texnologik va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbir O‘zbekiston texnologik ekotizimini Yaqin Sharq davlatlarining investorlar, texnologik kompaniyalar va institutsional hamkorlari bilan bog‘lash, AT-xizmatlar eksportini kengaytirish, kompaniyalarning yangi bozorlarga chiqishi va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun muloqot maydoni bo‘ldi.
Bugungi kunda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlariga O‘zbekiston AT-xizmatlari eksportining qariyb 5 foizi to‘g‘ri keladi. Sammitda mazkur yo‘nalishda amaliy hamkorlikni kengaytirish va yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Muhokamalarning asosiy yo‘nalishlaridan biri O‘zbekistonning AT sohasi va raqamli infratuzilmasiga investitsiyalarni jalb etish bo‘ldi. Ishtirokchilar mamlakatdagi mavjud imkoniyatlar, investitsiya loyihalari va texnologik biznesni rivojlantirish uchun yaratilayotgan sharoitlarni ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, Yaqin Sharq texnologik kompaniyalarining O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bozorlariga chiqishi, mahalliy hamkorlar bilan aloqalarni rivojlantirish, biznesni mintaqada yo‘lga qo‘yish va kengaytirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Sammitda O‘zbekiston startaplari va AT-xizmatlar eksport qiluvchi kompaniyalarining GCC mamlakatlari bozorlariga chiqish istiqbollari ham muhokama qilindi. Eksport, investitsiya va texnologik hamkorlikning yangi mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir dasturidan O‘zbekistonning Yaqin Sharq kompaniyalari uchun texnologik yo‘nalish sifatidagi salohiyati, mamlakat raqamli infratuzilmasiga investitsiyalarning amaliy misollari, Markaziy Osiyo startaplari taqdimotlari hamda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Yaqin Sharq kompaniyalari tajribasiga bag‘ishlangan sessiyalar o‘rin oldi.
Shuningdek, “O‘zbekiston – Yaqin Sharq” texnologik koridorini rivojlantirishga bag‘ishlangan panel sessiyasi, memorandumlarni imzolash marosimi, B2B uchrashuvlar va networking tadbirlari tashkil etildi.
Sammitda davlat tashkilotlari, suveren va venchur fondlar, texnoparklar, innovatsion markazlar, investitsiyalarni jalb etish agentliklari, yirik texnologik kompaniyalar, investorlar, startaplar va AT-kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Uzbekistan – Middle East Tech Summit O‘zbekiston va Yaqin Sharq mamlakatlari o‘rtasidagi texnologik aloqalarni kengaytirish, kompaniyalarning o‘zaro bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlash hamda yangi investitsiyaviy va eksport loyihalarini rivojlantirishga xizmat qildi.









