“Milliy qadriyatlarga asoslangan davlat xizmati” loyihasi doirasida seminar-trening o‘tkazildi
2026-09-28 19:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan amalga oshirilayotgan “Milliy qadriyatlarga asoslangan davlat xizmati” loyihasi doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligida seminar-trening tashkil etildi.
Mazkur loyiha davlat xizmatchilarida milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat va sadoqatni mustahkamlash, davlat xizmatida ma’naviy-axloqiy tamoyillarga amal qilish, shuningdek, xodimlarning kasbiy va shaxsiy rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan.
Seminar-trening yuqori malakali ekspertlar bilan davlat xizmatida milliy qadriyatlarning o‘rni, zamonaviy davlat xizmatchisining mas’uliyati, xizmat faoliyatida ma’naviy-axloqiy mezonlarga rioya qilish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi “Gumanitar va ijtimoiy fanlar” maktabi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi qoshidagi Rahbar kadrlarni baholash markazi, shuningdek, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti rahbar-xodimlari ishtirok etdi.
Seminar davomida ishtirokchilar bilan interaktiv mashg‘ulotlar, muhokamalar va amaliy topshiriqlar o‘tkazilib, davlat xizmatchilarining faoliyatida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni amaliy jihatdan namoyon etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida davlat xizmatida yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish, xodimlarning mas’uliyatini oshirish hamda zamonaviy va xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi davlat xizmati tamoyillarini mustahkamlash borasida fikr va tavsiyalar almashildi.






