Yuta universiteti bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-09-29 18:20:00 / Vazirlik yangiliklari

AQShning Yuta universiteti delegatsiyasi Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrif buyurdi. Dastlab, delegatsiyasi uchun IT Park faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonda AT sanoatini rivojlantirish, mahalliy va xorijiy texnologik kompaniyalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, startap ekotizimini shakllantirish hamda AT xizmatlari eksportini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, delegatsiya UZINFOCOM faoliyati bilan tanishdi. Tashrif davomida raqamli hukumat infratuzilmasini rivojlantirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, zamonaviy axborot tizimlari va raqamli platformalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar taqdim etildi.
Shundan so‘ng Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQShning Yuta universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, AT va sun’iy intellekt sohalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, universitetlar va texnologik kompaniyalar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning yosh va o‘sib borayotgan aholisi, mamlakatda AT sohasiga yaratilayotgan imkoniyatlar hamda texnologik tadbirkorlik ekotizimining jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi. Ayni paytda AT sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar soni ortib borayotgani yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan talabni ham oshirayotgani qayd etildi.
Shu nuqtai nazardan, universitetlar bazasida startaplarni shakllantirish va rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarning texnologik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, g‘oyadan MVP bosqichigacha bo‘lgan jarayonlarda mentorlik va investitsiya imkoniyatlarini yaratish bo‘yicha hamkorlik qilish taklif etildi. O‘zbekistonda AT yo‘nalishida ta’lim berayotgan oliy ta’lim muassasalari bilan Yuta universitetining tajribasini bog‘lash muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Shuningdek, o‘yin industriyasi uchun kadrlar tayyorlash va mazkur yo‘nalishda startaplar ekotizimini shakllantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Yuta universitetining o‘yin, kompyuter fanlari va sun’iy intellekt sohalaridagi ta’lim va tadqiqot salohiyatidan foydalangan holda O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Sun’iy intellekt sohasida qo‘shma tadqiqotlar olib borish, SI texnologiyalarining mehnat bozoriga ta’sirini o‘rganish, mas’uliyatli va xavfsiz yechimlarni ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik qilish takliflari ham bildirildi. Yuta universiteti vakillari universitetda mas’uliyatli sun’iy intellekt bo‘yicha tadqiqotlarga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab, O‘zbekiston tomoni bilan ushbu yo‘nalishda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Muloqot davomida raqamli davlat xizmatlarini rivojlantirish bilan bir qatorda kiberxavfsizlik sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash zarurati ham qayd etildi. Universitet professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish, qo‘shma dasturlarni tashkil etish va zamonaviy kiberxavfsizlik ko‘nikmalariga ega kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar, shuningdek, raqamli iqtisodiyot, BPO va KPO xizmatlari, masofaviy ish o‘rinlari, kompyuter fanlari, SI, o‘yin industriyasi, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish muhimligini qayd etdilar.





