AIAA bosh ijro direktori bilan IAC-2028ga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
2026-10-08 17:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Muloqotda 2028-yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Xalqaro astronavtika kongressini yuqori saviyada tashkil etish, bu borada xalqaro tajribadan samarali foydalanish hamda tadbirning xalqaro kosmik hamjamiyatdagi nufuzini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi. Kley Mouri Samarqandning IAC-2028 mezboni sifatida tanlanganini yuqori baholab, tadbirni tashkil etish va unga xalqaro ishtirokchilarni jalb qilish bo‘yicha AIAA tomonidan qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, AQSh va xalqaro aerokosmik hamjamiyatni Samarqanddagi kongressga jalb qilish, AIAAning konferensiyalari, axborot kanallari va sohaviy nashrlari orqali IAC-2028ni keng targ‘ib qilish imkoniyatlari haqida fikr almashildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda aerokosmik sohadagi mahalliy hamjamiyatni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, mamlakatda AIAAning mahalliy bo‘limini tashkil etish, universitetlarda talabalar hamda yoshlarni xalqaro aerokosmik tanlov va loyihalarga jalb qilish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, o‘zbekistonlik mutaxassislarni AIAAning texnik qo‘mitalari faoliyatiga jalb etish, aerokosmik muhandislik sohasida kadrlar salohiyatini oshirish va xalqaro professional aloqalarni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.




