Qashqadaryo delegatsiyasi Xitoyda BPO va ta’lim sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi
2026-10-20 15:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Viloyat hokimligining delegatsiyasidan Raqamli texnologiyalar vazirligining hududiy bo‘linmasi, IT Park Qashqadaryo filiali, Qarshi davlat universiteti va Qarshi davlat texnika universiteti vakillari, Anxoy provinsiyasi Savdo departamenti tashkil etgan biznes uchrashuvida Qashqadaryoning AT, ta’lim va investitsiya imkoniyatlari taqdim etildi. Departamentning II darajali inspektori Yu Hiaogao bilan uchrashuvda hududlar o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Zhengde Human Resources kompaniyasining ijrochi prezidenti Jiang Hua bilan muzokaralarda xalqaro buyurtmachilar uchun biznes jarayonlarini masofadan bajarishga qodir kadrlar tayyorlash va Qashqadaryodagi BPO xizmatlarini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xefey texnologiya universiteti (Hefei University of Technology) bilan talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, AT va sun’iy intellekt bo‘yicha qo‘shma ta’lim hamda malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, davlat xizmatchilarini sun’iy intellekt vositalaridan foydalanishga o‘qitish masalasi ko‘tarildi. Xefey universiteti bilan uchrashuvda esa amaliy mutaxassislar tayyorlash va ta’limni sanoat ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish tajribasi o‘rganildi.
Sungrow Power Supply kompaniyasi vakili bilan sun’iy intellekt hisoblash markazlariga oid loyihalarni o‘rganish uchun zarur ma’lumotlar va ularni amalga oshirish shartlarini aniqlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Delegatsiya Yaohay tumanida robotlar uchun ma’lumotlar tayyorlash va ularga amaliy harakatlarni o‘rgatish maydonchasi, shuningdek, aniq ishlov berish markazi faoliyati bilan tanishdi. Mahalliy boshqaruv organlari va texnologik korxonalar vakillari bilan davra suhbatida AT va BPO xizmatlarini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash hamda bevosita biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuvlarda hamkorlikni aniq loyihalar asosida davom ettirish va xitoylik hamkorlarni Qashqadaryo viloyatiga taklif qilish masalalariga e’tibor qaratildi.






