Davlat siyosati va boşqaruvi akademiyasida magistratura dasturlarining oçiliş marosimi bölib ötdi
2026-10-26 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda Akademiya, Boşqaruv samaradorligi agentligi, Özbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda «El-yurt umidi» jamğarmasi rahbarlari iştirok etdi.
Marosimda Özbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Şerzod Şermatov ham nutq sözlab, zamonaviy davlat boşqaruvida raqamli texnologiyalar, innovatsion yondaşuvlar va ilğor bilimlarning ahamiyatiga töxtaldi.
Vazir öz nutqida davlat boşqaruvi tizimida samaradorlikni oşiriş, zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalaniş hamda rahbar kadrlarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantiriş muhimligini ta’kidladi. Şuningdek, yangi avlod rahbarlari öz faoliyatida zamonaviy bilimlarni amaliyotga tatbiq etişi, yangiça fikrlaşi va xalq manfaatlariga xizmat qiladigan samarali qarorlar qabul qilişi zarurligi qayd etildi.
Tadbirda sözga çiqqan rahbarlar yangi qabul qilingan tinglovçilarga davlat xizmatida yuksak kasbiy salohiyat bilan bir qatorda ma’naviy yetuklik, halollik, xalq manfaatlariga sadoqat va şaxsiy mas’uliyat muhim ahamiyat kasb etişini ta’kidladilar.
Xususan, rahbarning ma’naviy qiyofasi va şaxsiy namunasi, mahalliy darajadagi muammolarni çuqur örganiş va ularga yeçim izlaş, xalqparvarlik va halollik tamoyillariga amal qiliş hamda mamlakat taraqqiyoti yölida mas’uliyat bilan işlaş kabi fazilatlarni kundalik kasbiy faoliyatning ajralmas qismiga aylantiriş zarurligi qayd etildi.
Akademiya rektori Jasur Salixov ham tinglovçilarni yangi öquv yili bilan tabriklab, davlat boşqaruvi tizimi uçun zamonaviy bilim va kompetensiyalarga ega, strategik fikrlaydigan hamda natijaga yönaltirilgan rahbar kadrlarni tayyorlaş ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.
Joriy öquv yilida Akademiya magistraturasiga kunduzgi va masofaviy ta’lim şakllari böyiça 3 000 nafardan ortiq nomzod hujjat topşirdi. Tanlov natijalariga köra, 189 nafar nomzod kunduzgi ta’lim şaklida tahsil oliş uçun tavsiya etildi.
18 oylik magistratura dasturi nazariy bilimlarni amaliy boşqaruv tajribasi bilan uyğunlaştiriş, tahliliy fikrlaş, dalillarga asoslangan qarorlar qabul qiliş va murakkab boşqaruv vazifalariga samarali yeçim topiş könikmalarini rivojlantirişga qaratilgan.





