Telekommunikatsiya operatorlariga xalqaro internetga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanish imkoniyati yaratildi
2025-09-19 13:30:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Telekommunikatsiya bozorini bosqichma-bosqich liberallashtirish hamda raqobat bozorini shakllantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 18-sentabrdagi 592-son qarori e’lon qilindi.
Qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2024-yil 3-iyundagi PF–85-son Farmoniga asosan telekommunikatsiya operatorlarining investitsion faolligini rag‘batlantirish, xalqaro Internet tarmoqlariga ulanish tartibini axborot va milliy xavfsizlikni to‘liq ta’minlagan holda takomillashtirish maqsadida qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, mobil va (yoki) simli telekommunikatsiya tarmoqlariga ega O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritadigan va xalqaro Internet tarmoqlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanish huquqiga ega bo‘lmagan telekommunikatsiya operatorlariga 2030-yil 1-yanvargacha sinov tariqasida foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish maqsadida xalqaro Internet tarmoqlariga o‘z tijorat ehtiyojlari uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanish huquqi berilmoqda.
