O‘zbekiston va Tojikiston IT Parklari o‘rtasida hamkorlik kengaytiriladi
2025-10-16 09:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning Dushanbe shahriga amalga oshirgan tashrifi doirasida Tojikiston poytaxtida joylashgan “IT-Park Dushanbe” faoliyati bilan yaqindan tanishuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv chog‘ida delegatsiyaga mazkur parkning tashkil etilish tarixi, uning asosiy yo‘nalishlari, rezident-kompaniyalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda Tojikistonda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, IT Park hududida yoshlar va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, axborot texnologiyalari sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash, innovatsion yechimlarni joriy etish va xususiy sektor bilan hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishidagi ishlar taqdim etildi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston va Tojikiston IT Parklari o‘rtasida hamkorlikni jadallashtirish, qo‘shma startap va inkubatsiya dasturlarini tashkil etish, shuningdek, IT-kompaniyalar faoliyati uchun qulay muhit yaratish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar axborot texnologiyalari sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tajriba almashish va IT Parklar o‘rtasida doimiy hamkorlik platformasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.


